Suriyadagi oʻzgarishlar: kim yutdi, kimlar yutqazdi
Tashqi gʻoliblar va magʻlublar kim ekanligidan qatʻʻi nazar, Turkiya yirik gʻoliblardan biri sifatida koʻrilmoqda. Birinchidan, ushbu mojaro Anqaraning urushdan keyingi Suriya kelajagini shakllantirishdagi rolini kuchaytiradi va unga, oʻziga ittifoqdosh boʻlgan yangi Suriyani yaratish imkonini beradi. Ikkinchidan, Suriyaning geosiyosiy identifikatsiya jihatidan Eron va Rossiyaga yaqin davlatdan Turkiya ittifoqchisiga aylanishi Anqaraga Yaqin Sharqda oʻz hukmini oʻtkazish borasida misli koʻrilmagan geosiyosiy imkoniyatlar taqdim etmoqda.
Ushbu barcha koʻzda tutilgan manfaatlar orasida Turkiyaga oʻz milliy xavfsizligi va mintaqadagi barqarorlikni taʻʻminlashda vositachi sifatidagi yangi rolini mustahkamlash imkoniyati ham mavjud. Bu manfaatlar Suriya kelajagini shakllantirishda tashqi ishtirokchilar orasida etakchi rol oʻynash, Suriya shimolidagi separatistik kurd boʻlinmalari loyihasiga qarshi kurashdagi mavqeini kuchaytirish va Eron, Rossiya, AQSh hamda arab davlatlari bilan oʻzaro munosabatlarida oʻz pozitsiyasini mustahkamlashdan iborat.
Bu oʻzgarishlar Anqaraga AQShning yangi saylangan prezidenti Donalʻd Tramp maʻʻmuriyati bilan boʻlajak munosabatlarida oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun ham katta imkoniyat beradi.
Ammo barcha ushbu imkoniyatlar bilan birga, Turkiya yangi Suriyani barpo etish loyihasini boshqarishda katta qiyinchiliklarga duch keladi. Ayniqsa, Anqaraning Suriyadagi taʻʻsiri kuchaygani sari bu oʻzgarishning salbiy oqibatlari oldini olish masʻʻuliyatini ham toʻgʻridan-toʻgʻri oʻz zimmasiga oladi.
Garchi Anqara “Hayʻʻat Tahrir ash-Shom” bilan oʻzaro aloqalari borligini doimiy ravishda inkor etib kelgan boʻlsa-da, 27 noyabrdan beri uning shunchaki mojaroni chekkadan kuzatib kelayotganini tasavvur qilish mushkul. Suriyadagi oʻzgarishlar yoʻli avvalo Anqaraning turli muxolif guruhlar maqsadlari uygʻunligini raqobat va ichki urushlardan xoli ravishda saqlab tura olish hamda oʻzgarishlarning davom etishini taʻʻminlash uchun "Hayʻʻat Tahrir ash-Shom"ga oʻz taʻʻsirini oʻtkaza olish qobiliyatini sinovdan oʻtkazadi.
Turkiya bilan bir qatorda, Suriyadagi oʻzgarishlardan AQSh va Isroil ham manfaatdor boʻlib chiqmoqda. Negaki, Suriyani Eron va Rossiya kabi Gʻarbga qarshi rejimlar bilan ittifoq doirasidan chiqarib tashlash ular uchun katta geosiyosiy yutuq hisoblanadi.
Biroq bu oʻzgarish ikkala davlat uchun ham xavflarni keltirib chiqaradi. Oʻtmishda Asad oilasi hukmronligi ostidagi Suriya Isroil uchun xoh uning xavfsizligini taʻʻminlash nuqtai nazaridan, xoh Suriyadagi ichki siyosiy xilma-xillikning tarkibiy qismlarini yoʻq qilish nuqtai nazaridan foydali boʻlgan, degan fikr hukmronlik qilgan boʻlsa-da, yangi geosiyosiy pozitsiyasi Turkiya bilan ittifoqqa asoslangan oʻzgargan Suriyani isroilliklar uchun foydaliroq boʻladi, deyish qiyin. Shu bilan birgalikda, arab dunyosi uchun bu oʻzgarishdan qoʻlga kiritilgan foyda va zarar mezonlari hanuz noaniqligicha qolmoqda.
Inqilobning Eronning Suriyadagi mavjudligi va uning mintaqaviy roliga taʻʻsiri arab mintaqasi uchun katta foyda keltirsa-da, mazkur manfaatlar arablarning Asad hukumati agʻdarilishi ortidan arab bahorining ikkinchi toʻlqini boshlanishi borasidagi xavotirlarini oshirdi.
Biroq bu oʻzgarishlar arab dunyosiga katta salohiyat va moliyaviy manbalarga ega yangi Suriyani shakllantirishda faolroq rol oʻynash imkoniyatini ham beradi.
Bu oʻzgarish natijasida Eron va Rossiya eng koʻp yoʻqotishga uchradi, deb hisoblanmoqda. Eron Suriya mojarosida oʻzining strategik taʻʻsirini kuchaytirish va Iroq hamda Suriya orqali Livandagi ittifoqchisi "Hizbulloh"ga yoʻl ochib berish maqsadida koʻplab moliyaviy va harbiy resurslarni safarbar qilgandi. Ammo Asad rejimining qulashidan soʻng bu ulkan sarmoya zoe ketdi. Bu oʻzgarish Eronning mintaqaviy roli uchun keng miqyosli salbiy oqibatlarga olib keldi. Isroil bilan olib borgan ogʻir janglardan keyin katta yoʻqotishlarga duch kelib, yanada zaiflashib qolgan "Hizbulloh" yillar davomida Livanda unga kuch-qudrat va qurol-yarogʻ taʻʻminotini kafolatlab turgan Suriyadek bir ittifoqchidan ham mahrum boʻldi.
Shuningdek, Eronga tegishli Suriya bilan bogʻliq strategik investitsiyalarning muvaffaqiyatsizlikka uchrashi uning Iroq va mintaqadagi obroʻsiga ham salbiy taʻʻsir koʻrsatadi.
Rossiyaga keladigan boʻlsak, Suriyani ittifoqchi davlat sifatida yoʻqotish uning Yaqin Sharqdagi mavqeiga katta zarar keltiradi. Prezident Vladimir Putin uchun Sovet Ittifoqining qulashi XX asrning eng katta geosiyosiy fojeasi boʻlgan boʻlsa, Suriyani yoʻqotish esa Rossiya uchun Yaqin Sharqdagi geopolitik falokat hisoblanadi.
2000-yillarning oʻrtalarida Rossiyaning Asad rejimini qoʻllab-quvvatlash orqali mojaroga qoʻshilishi uning tashqi siyosatda oʻz taʻʻsirini namoyish qilishining asosiy koʻrinishlaridan biri edi. Ammo Ukraina bilan urushning katta xarajatlari Rossiyaning Yaqin Sharqdagi mavqeiga putur etkazdi. Shu sababli, endi Rossiyaning Yaqin Sharq siyosati hamda Liviya, Sudan va Afrika masalalari kabi uzoq muddatli mojarolarga oʻz taʻʻsirini oʻtkaza olishi uchun zarur boʻlgan Oʻrta Er dengizi sohilidagi harbiy bazalarini saqlab qolish qobiliyati jiddiy shubha ostida qolmoqda.
Mahmud Allouch - Xalqaro aloqalar boʻyicha tadqiqotchi













