Saudiya Arabistoni Turizm vazirligi Oʻzbekiston, Tojikiston va yana oʻnga yaqin davlat fuqarolari uchun elektron viza xizmatlari vaqtincha toʻxtatilganini maъlum qildi. Ayni paytda onlayn portal orqali elektron viza olish imkoni toʻsib qoʻyilgan.


Aytilishicha, bu chora Haj mavsumida ruxsatsiz ziyoratlarning oldini olish maqsadida qoʻllanilmoqda.


“23 apreldan 9 iyunga qadar elektron viza olish xizmati amal qilmaydi. Bu davrda safar qiluvchilar oʻz mamlakatlaridagi Saudiya Arabistoni elchixonalari yoki vakolatli idoralar orqali viza olishlari mumkin”, deyiladi vazirlik xabarida. 


Avvalroq Saudiya Arabistoni Hindiston, Pokiston, Misr kabi 14 davlat fuqarolari uchun ham elektron viza berishni toʻxtatgan edi. Bunga mazkur davlatlar fuqarolarining Umra maqsadida kirib, Haj ziyoratida noqonuniy ishtirok etish holatlari ortishi sabab boʻlgan.


Maъlumot uchun, 2025 yilgi Haj mavsumida Oʻzbekiston uchun 15 ming kvota ajratilgan. Haj safari Oʻzbekistonda faqat Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Musulmonlar idorasi orqali tashkil etiladi.


Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi soʻnggi vaqtlarda vatandoshlarimiz BAA hududida sodir etayotgan qonunbuzarlik holatlari koʻpayayotgani amirlik bilan vizasiz tartibga taъsir koʻrsatishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.

Mavzuga aloqador