Saudiya Arabistonida “The Rise Tower” deb nomlangan, balandligi 2 000 metr boʻlgan ulkan osmonoʻpar bino barpo etilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi Dzen.ru. 


Aytilishicha, bu inshoot Dubaydagi 828 metrlik Burj Xalifa’dan ikki baravar balandroq boʻlib, hali qurilishi rejalashtirilayotgan Jidda minorasidan (1 000 metr) ham ancha baland boʻladi. Loyiha qiymati 5 milliard dollarni tashkil etadi.


678 qavatdan iborat ushbu minora Saudiya Arabistonining “Shimoliy qutb” mega-loyihasining asosiy qismi hisoblanadi. U mashhur Foster + Partners kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Qurilish uchun xalqaro kompaniyalardan rasmiy takliflar qabul qilinmoqda, deyiladi xabarda. 


Maъlum boʻlishicha, The Rise Tower “Vision 2030” dasturi doirasida Saudiya Arabistonining global turizm va biznes markaziga aylanadi. Binoda hashamatli mehmonxonalar, koʻngilochar markazlar, restoranlar va boshqa xizmatlar joylashadi.


Loyiha mualliflari, “Shimoliy qutb” loyihasi 300 kvadrat kilometr maydonda barpo etilib, zamonaviy transport tizimi, tezkor metro va avtonom avtomobillar tizimi bilan taъminlanadi, deya taъkidlashmoqda.


Maъlumot oʻrnida, Saudiya Arabistoni oxirgi yillarda ekologik barqarorlikka alohida eъtibor qaratib, “The Line” va “Aquellum” kabi futuristik loyihalarni ham boshlagan.

Mavzuga aloqador