Uzbekistan Airways Pokiston va Hindiston chegarasidagi havo cheklovlari sabab Toshkent va Dehli, Mumbay, Lahor, Bangkok, Kuala-Lumpur, Pxuket oʻrtasidagi yoʻnalishlar boʻyicha parvozlar jadvalida majburiy oʻzgarishlar boʻlishidan ogohlantirdi. Baъzi holatlarda uchish vaqti oʻrtacha 1,5 soatga yoki undan koʻproqqa oshishi mumkin

Pokiston va Hindiston chegarasi yaqinidagi havo hududidan foydalanishga qoʻyilgan vaqtinchalik cheklovlar munosabati bilan Uzbekistan Airways parvoz jadvalida qator majburiy oʻzgarishlar kiritiladi, deya xabar berdi aviakompaniya matbuot xizmati.

Mazkur oʻzgarishlar Toshkent — Dehli, Mumbay, Lahor, Bangkok, Kuala-Lumpur, Pxuket va ushbu shaharlar bilan bogʻliq qaytish yoʻnalishlariga taalluqli. Xususan, baъzi holatlarda uchish vaqti oʻrtacha 1,5 soatga yoki undan koʻproqqa oshishi mumkin.

Kompaniya reys bekor qilinsa, yoʻlovchilarga yaqin sanalarga qayta bron qilish yoki aviabilet summasini toʻliq qaytarish imkoniyati taqdim etilishini maъlum qildi. Har ikki holatda ham jarimalar qoʻllanmaydi.

Shuningdek, Toshkentdan Dehli, Mumbay va Lahor shaharlariga reyslar boʻyicha qoʻshimcha maъlumotlar parvozlar jadvali toʻliq yangilangandan soʻng taqdim etiladi.

«Biz yoʻlovchilarimiz uchun aniq jadval va sayohatning ishonchli boʻlishi qanchalik muhim ekanini yaxshi tushunamiz va tashqi omillarga qaramasdan barqaror parvozlarni taъminlash uchun bor kuchimizni sarflamoqdamiz», — deyiladi Uzbekistan Airways murojaatida.

Kompaniya mavjud sharoitda reyslar oʻz vaqtida amalga oshirilishda davom etayotgani, biroq xavfsizlik nuqtai nazaridan yoʻnalishlarda qoʻshimcha oʻzgarishlar, jadvaldagi tuzatishlar va boshqa moslashuvlar boʻlishi ehtimolda holi emasligini qayd etdi.

Mazkur manzillarga safar rejalashtirayotgan yoʻlovchilarga aktual jadvalni oldindan tekshirish va imkoniyat boʻlsa, safarni, ayniqsa, transferli parvozlar yoki biznes uchrashuvlarni qoʻshimcha vaqt zaxirasi bilan rejalashtirish tavsiya qilindi. Kompaniyaning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlari orqali yangiliklardan xabardor boʻlishga chaqirildi.

«Yoʻlovchilar, ekipajlar va havo kemalarining xavfsizligi bizning mutlaq ustuvor vazifamizdir. Jahon miqyosidagi oʻzgaruvchan vaziyatlar sharoitida ham biz xalqaro aviatsiya standartlariga rioya etgan holda barcha chaqiriqlarga tezkor javob bermoqdamiz va safarlaringiz uchun maksimal darajada ishonchli sharoitlar yaratishga intilmoqdamiz», — deyiladi xabarda.

Mavzuga aloqador