Oʻzbekistonda uch yarim ming ona farzandlariga aliment toʻlaydi
Oʻzbekistonda 3500 nafar onadan aliment undiruvi bilan bogʻliq ijro hujjatlari qayd etilgan. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot kotibi Farrux Toshpoʻlatov maъlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, 2018 yilda aliment va moddiy taъminot undiruvlari boʻyicha jami 240 mingta ijro hujjati mavjud boʻlgan boʻlsa, 2025 yilda bu koʻrsatkich 348 mingtani tashkil etib, keyingi 7 yil davomida ish yurituvdagi aliment boʻyicha hujjatlar 45 foizga oʻsganini koʻrsatmoqda.
Bugungi kunda byuro organlarining ish yurituvida 348 mingdan ortiq aliment va moddiy taъminot undiruvi bilan bogʻliq ijro hujjatlari mavjud boʻlib, har bir davlat ijrochisiga oyiga oʻrtacha 147 tadan shu toifadagi ijro hujjatlari toʻgʻri kelmoqda. Shundan 3500 nafar onadan aliment undiruvi bilan bogʻliq ijro hujjatlari qayd etilgan.
MIBga koʻra, ayollar tomonidan aliment toʻlanishi holatlari boʻyicha eng koʻp koʻrsatkich Samarqand viloyatiga toʻgʻri keladi. Undan keyingi oʻrinlardan Fargʻona, Surxondaryo va Andijon viloyatlari joy olgan.













