Ispaniya hukumati xorijda surrogat onalar orqali tugʻilgan bolalarni oʻz elchixona va konsulliklarida roʻyxatdan oʻtkazishni taqiqladi. Bu haqda Politico nashri xabar qildi. 


Bildirilishicha, yangi tartib diplomatlarga xorijiy davlatlar tomonidan berilgan tugʻilganlik guvohnomalarini qabul qilishni ham man etadi. Shuningdek, avval boshlangan, ammo tugallanmagan roʻyxatga olish jarayonlari ham bekor qilinadi.


Evropaning ayrim davlatlarida taqiqlangan surrogat onalikni ispan fuqarolari boshqa mamlakatlarda qonuniy yoʻl bilan amalga oshirib, farzandlarni roʻyxatga olish orqali cheklovlarni aylanib oʻtishga harakat qilishgan. 


Bu holat Ispaniyada 2006 yildan beri taqiqlangan boʻlishiga qaramay, xorijdagi sud qarorlari orqali amalga oshib kelayotgan edi.


Biroq 2023 yil dekabr oyida Oliy sud bunday huquqiy mexanizmni noqonuniy deb topdi. Ushbu qarorga javoban bosh vazir Pedro Sanches boshchiligidagi hukumat surrogat onalikni ayollar ekspluatatsiyasining bir shakli, bolani esa “tovar”ga aylantiruvchi vosita sifatida tanqid qilmoqda. 


Yangi qoidalarga koʻra, bola faqat Ispaniyaga olib kelinganidan soʻng va biologik aloqaga ega ota yoki onaning arizasi asosida roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin. 


Yil yakunigacha eъlon qilinishi kutilayotgan odam savdosiga qarshi qonun loyihasida surrogat onalik amaliyotini yanada qatъiy tartibga solish nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, Gretsiyada ham yolgʻiz erkaklar va bir jinsli erkak juftliklar uchun surrogat onalikni taqiqlovchi qonun kutilmoqda.


Maъlumot uchun, surrogat onalik — bu uchinchi shaxs (surrogat ona) boshqa shaxslar uchun homiladorlikni koʻtarib, farzand tugʻib beradigan reproduktiv amaliyotdir. Koʻplab mamlakatlarda bunday yondashuv huquqiy, axloqiy va inson huquqlari nuqtai nazaridan bahsli hisoblanadi.

Mavzuga aloqador