Istanbulda tahsil olayotgan portugaliyalik Mariana Tavaresh va ruminiyalik Mariya Sirbu Islomni qabul qilganidan keyin oʻz vatanlarida toʻqnash kelgan islomofobiya haqida hikoya qilib berdi.


Ularning aytishicha, musulmonlar tomonidan koʻrsatilgan yaxshi xulq va shaxsiy namunalar ularning diniy stereotiplardan chiqishiga sabab boʻlgan.


Mariana Tavaresh ilgari juda keskin islomofob boʻlganini tan oldi:


“Men Islomga qarshi qatъiy fikrda edim. Nasroniy voiz boʻlganman, hatto isroilni* faol qoʻllab-quvvatlaganman. Men uchun bu ichki oʻzgarish tarixi juda gʻayrioddiy boʻldi”, dedi u.


Uning fikricha, islomofobiya koʻpincha johillikdan kelib chiqadi. Mariana musulmonlar Qurъonga muvofiq yashasa, butun dunyoga Islomning naqadar goʻzal din ekanini amalda koʻrsatishini taъkidlab oʻtdi.


“Goʻzal xulqli musulmon uni koʻrgan inson uchun eng kuchli daъvatdir. OAVda qanday koʻrsatilishidan qatъi nazar, aynan shunday musulmonlar odamlar fikrini oʻzgartiradi”, – deydi Mariana.


Ruminiyalik Mariya Sirbu esa Islomga boʻlgan qiziqishining aynan islomofobik qarashlardan boshlanganini aytib oʻtdi.


“Men 2019 yilda islomni qabul qildim. Hammasi qiziqish bilan boshlandi: nega islom haqida, hijobli ayollar haqida faqat salbiy gaplar aytiladi? Oʻrganishni boshladim. Qurъonni oʻz tilimda oʻqidim, Islom va ayollar huquqlari haqidagi kitoblarni koʻrib chiqdim. Va bilsam, menga aytilganlarning bari yolgʻon ekan”.


Mariya Islomni qabul qilish jarayoni oson boʻlmaganini qoʻshimcha qildi:


“Bir kuni masjidga borib, duo qildim. "Ey Allohim, agar Islom haq yoʻl boʻlsa, menga uni koʻrsat", dedim. Oʻsha kecha tushimda muslima boʻlganimni va hijob kiyganimni koʻrdim. Ertasiga yana masjidga bordim va shahodat keltirdim”.


Islomni qabul qilgach esa Mariya bosim va kamsitishlarga duch kelgan.


“Menga koʻpchilik hijobga kirganing, muslima boʻlganing uchun endi ikkinchi yoki uchinchi xotin boʻlasan, oilada senga hurmat qilishmaydi, deyishdi. Eslasam, juda ogʻir kunlar edi”, deydi u.

Mavzuga aloqador