Shavkat Mirziyoev Emmanuelь Makronning taklifiga binoan 11−13 mart kunlari davlat tashrifi bilan Frantsiyada boʻladi. Tashrif doirasida Parijda oliy darajadagi muzokara, tadbir va uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, davlat rahbari YuNESKO bosh direktori bilan ham uchrashadi.


Shavkat Mirziyoev Frantsiya prezidenti Emmanuelь Makronning taklifiga binoan 11−13 mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻladi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif doirasida Parij shahrida oliy darajadagi muzokara va tadbirlar, Frantsiyaning rasmiy va ishbilarmon doiralari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Boʻlajak muloqotlar kun tartibidan koʻp qirrali Oʻzbekiston-Frantsiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari oʻrin olgan, deyiladi xabarda.

Savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, Frantsiyaning etakchi kompaniya va korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ustuvor eъtibor qaratiladi. Sammit yakunida hukumatlararo va idoralararo bitimlar toʻplamini qabul qilish koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, davlat rahbari YuNESKO bosh direktori Odri Azule bilan uchrashib, tashkilot Bosh konferentsiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik koʻrish va uni 2025 yilning kuzida Samarqand shahrida oʻtkazishning amaliy jihatlarini muhokama qiladi.

Shu kunlarda Parijda sogʻliqni saqlash, fan va taъlim, madaniyat, turizm va biznes sohalarida forum va anjumanlar oʻtkazilmoqda. Tuluza, Lion va Nitstsada qoʻshma ishbilarmonlik tadbirlari boʻlib oʻtadi.

Shavkat Mirziyoev 2018 yil oktyabrь oyida Parijga rasmiy tashrif bilan borgan. Bu Oʻzbekiston rahbarining soʻnggi 20 yildan ortiq vaqt ichida Frantsiyaga ilk tashrifi boʻlgan.

2022 yil noyabrь oyida Oʻzbekiston prezidenti yana rasmiy tashrif bilan Parijda boʻldi. Oʻshanda prezidentlar «yuqori darajadagi keng qamrovli sheriklik» munosabatlarini rivojlantirishga kelishib olgan edi. Frantsiya poytaxtidagi Luvr muzeyida «Oʻzbekiston vohalari xazinalari. Karvon yoʻllari chorrahasida» koʻrgazmasi tashkil etildi.

2023 yil noyabrь oyida Frantsiya prezidenti Emmanuelь Makron rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻldi.

Mavzuga aloqador