Qozogʻistonda kompьyuter oʻyinlariga islomiy baho berildi
Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi kompьyuter oʻyinlariga islomiy nuqtai nazardan baho berdi.
Boshqarmaning bayonotida aytilishicha, musulmonlarning zoʻravonlik, qotillik, urush, dinsizlik va Islomni masxara qilish kabi sahnalari mavjud boʻlgan oʻyinlarni oʻynashi qatъiyan man etiladi. Bu Counter-Strike 2, Dota 2, GTA kabi ommalashgan, biroq islomiy axloqqa zid boʻlgan va nomaqbul kontentlarni oʻz ichiga olgan oʻyinlar musulmonlarga joiz emasligini anglatadi.
Bundan tashqari, boshqarma mutaxassislari moʻmin-musulmonlar uchun qimor oʻyinlari ham mutlaqo man etilganini eslatib qoʻydi.
"Oʻyinda qimorga xos unsurlar boʻlmasligi kerak. Zotan, Alloh taolo Qurъoni Karimda shunday marhamat qiladi: "Ey moʻminlar, aroq (mast qiladigan ichkilik ichish), qimor (oʻynash), butlar (yaъni, ularga sigʻinish) va choʻplar (yaъni, choʻplar bilan folbinlik qilish) shayton amalidan boʻlgan harom ishdir. Bas, najot topishingiz uchun ularning har biridan uzoq boʻlingiz ("Moida" surasi, 90-oyat )!" deyiladi bayonotda.
Shu bilan birga, boshqarma baъzi kompьyuter oʻyinlari zararli emas, aksincha manfaatli ekanini ham qoʻshimcha qilgan. Chunki bunday oʻyinlar tafakkurni, mantiqiy fikrlashni va dunyoqarashni rivojlantiradi hamda insonni kundalik tashvishlaridan bir muddat chalgʻitishga xizmat qiladi.













