Qozogʻiston Bosh vaziri oʻrinbosari – Milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumanqarinning maъlum qilishicha, Qozogʻistondan geologlar guruhi Afgʻonistonga yuborilgan. Ular bu erda qattiq foydali qazilmalar mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan hududlarni oʻrganishadi. 


Vazirga koʻra, ERG Exploration, Kazakhmys Barlau va Kazatomprom kabi yirik kompaniyalar ushbu istiqbolli konlarni izlab topish va ularga sarmoya kiritishga qiziqish bildirgan.


Afgʻoniston tomoni oʻz navbatida, qozogʻistonliklarni qiziqtirayotgan tabiiy resurslar boʻyicha tasdiqlangan zahiralar haqida zarur maъlumotlarni taqdim etishga tayyorligini bildirdi.


Shuningdek, vazirning Qobulga amalga oshirgan rasmiy tashrifi chogʻida ikki mamlakat oʻrtasida umumiy qiymati 140 million AQSh dollaridan ortiq shartnomalar imzolangan.


Tomonlar yaqin istiqbolda oʻzaro savdo hajmini 3 milliard dollarga etkazish, shuningdek, investitsiyalar va tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratish borasida kelishuvga erishgan.


“Afgʻoniston Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo oʻrtasida muhim logistika markaziga aylanishi mumkin. Qozogʻiston esa oziq-ovqat, zamonaviy texnologiyalar, mashinasozlik, kimyo sanoati va IT mahsulotlarining ishonchli etkazib beruvchisi boʻlishga tayyor”, deya taъkidlagan Serik Jumanqarin.

Mavzuga aloqador