Qirgʻizistonda noqonuniy yurgan chet elliklarga 10 iyungacha muhlat berildi
Qirgʻizistonda 10 iyundan «Nelegal» deb nomlangan keng koʻlamli maxsus operatsiya boshlanadi. Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi (MXDQ) rasmiy ravishda maъlum qildi.
Operatsiyadan koʻzlangan maqsad mamlakatda noqonuniy ravishda yashab kelayotgan xorijlik fuqarolarni aniqlash, migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini taъminlash va huquqbuzarliklarni bartaraf etishdan iborat.
MXDQ maъlumotlariga koʻra, 10 iyunga qadar Qirgʻiziston hududida qonuniy asosda boʻlmagan barcha xorijliklar oʻz huquqiy maqomini rasmiylashtirishi yoki mamlakatni ixtiyoriy tark etishi talab qilinadi. Bu davr mobaynida huquqbuzarliklarni oʻz ixtiyori bilan bartaraf etgan shaxslarga nisbatan engillashtirilgan choralar qoʻllanilishi mumkin.
Rasmiy maъlumotlarga koʻra, hozirgi paytda Qirgʻizistonda taxminan 5 ming nafar noqonuniy muhojir mavjud. Ular asosan mehnat faoliyati, savdo-sotiq yoki boshqa maqsadlarda mamlakatda qonuniy roʻyxatdan oʻtmasdan qolgan xorijliklardir.
«Nelegal» operatsiyasi Qirgʻizistonda migratsiya tizimini yaxshilash, jinoyatchilikni oldini olish va mamlakat xavfsizligini mustahkamlash maqsadida amalga oshiriladi. Operatsiya doirasida turli huquq-tartibot organlari, jumladan, politsiya, migratsiya xizmati va mahalliy hokimiyatlar faol ishtirok etadi.
Rasmiy manbalarning qayd etishicha, bu kabi chora-tadbirlar nafaqat mamlakat ichki tartibini saqlash, balki qonuniy yashashni xohlayotgan xorijliklarga ham imkoniyat yaratishga qaratilgan.













