Oʻzbekistonda shaxsni ruxsatsiz tasvirga olish qonunan taqiqlanishi belgilanmoqda
Adliya vazirligi shaxslarning tasvirga boʻlgan huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritishni taklif qilmoqda. Ushbu loyiha jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan.
Taklif etilayotgan qonunga koʻra, Fuqarolik, Mehnat va Maъmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarga qoʻshimchalar kiritilishi koʻzda tutilgan. Jumladan, Fuqarolik kodeksining 100-1-moddasi bilan shaxsni tasvirga olish va undan foydalanish faqat oʻzi yoki voyaga etmaganlar holatida ota-onasi roziligi bilan amalga oshirilishi shart boʻlishi mumkin.
Tasvirdan foydalanish deganda, uni oshkor qilish, tarqatish, saqlash, qayta ishlash yoki chop etish tushuniladi.
Roziliksiz tasvirga olish mumkin boʻlgan holatlar:
➖toʻy yoki boshqa ommaviy tadbirlarda umumiy jarayonni tasvirga olishga;
➖noqonuniy harakatlarni tasvirga olishga;
➖xizmat vazifasini bajarayotgan davlat xizmatchilarini tasvirga olishga;
➖tasvir shaxs tomonidan hamma foydalana oladigan qilingan boʻlsa;
➖tasvirdagi shaxsga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda qidiruv eъlon qilishda;
➖shaxsning haq evaziga tushirilgan tasviridan ushbu tasvirni olishdan koʻzlangan maqsadda foydalanilganda;
➖xavfsizlikni taъminlash maqsadida videokuzatuv tizimlari orqali shaxslarni tasvirga olishga (ogohlantiruvchi belgilar oʻrnatilishi shart).
Shaxsiy daxlsizlikni buzish maъmuriy javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin. Agar ruxsatsiz tasvirga olish maxfiy texnik vositalar orqali amalga oshirilsa, 3,75 million soʻmdan 15 million soʻmgacha jarima qoʻllanishi mumkin.
Qonun loyihasi muhokamasi 28 martgacha davom etadi. Shaxsning ruxsatisiz rasmlaridan foydalanishni taqiqlash 2020 yilda ham taklif etilgan edi, ammo amaliyotga joriy etilmagan.













