Turkiyadagi yirik Milli Gazete, Yeni Akit va DoğruHaber  kabi muxolifat nashrlari ushbu masalani birinchi sahifalarda yoritib, hukumatni tanqid qildi. Ularda “olimni zolimga topshirdilar” kabi ogʻir soʻzlar bilan voqea tafsilotlari keng yoritildi.

Nima boʻlgan edi?

Turkiyada yashab kelayotgan oʻzbekistonlik din arbobi, taniqli ulamo Mubashshir Ahmad (Alisher Turdiev) shu yil may oyi boshlarida Istanbulda hibsga olingan va 13 may kuni Oʻzbekistonga deportatsiya qilingan edi. Turkiya Migratsiya boshqarmasi (Göç İdaresi) bayonotida aytilishicha, u “jamoat tartibi va xavfsizligi uchun tahdid” sifatida baholangan va sud qaroridan soʻng mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

"Jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid solayotgani sababli mazkur shaxsga nisbatan deportatsiya qarori qabul qilingan. Chet el fuqarosi ushbu qarorga qarshi shikoyat yoʻllaridan foydalangan holda sudga daъvo arizasi bilan murojaat qilgan, ammo sud qabul qilingan qarorda qonunbuzarlik yoʻq, deb topib, daъvoni rad etgan", deyiladi idora bayonotida.

Idora jamoatchilikni adashtiruvchi soxta maъlumotlarni tarqatgan shaxslarga nisbatan huquqiy jarayoni boshlatilganini ham qoʻshimcha qilgan.

Qarorga qarshi shikoyat kiritilgan boʻlsa-da, maъmuriy sud Tursunovning daъvosini rad etgan.

Muxolifat: bu zulm, adolatsizlik!

Milli Gazete "Olimni zolimga topshirdilar" sarlavhasi bilan chiqib, bu qarorni qattiq tanqid qildi. Nashrning taъkidlashicha, Alisher Tursunov hech qanday jinoyatga aloqador emas, u muxojir olim sifatida Turkiyaga panoh soʻrab kelgan. Gazeta olimning hujjatlarsiz va noqonuniy asosda ekstraditsiya qilinganini yozadi.

Yeni Akit nashri ham “hech qanday huquqiy jarayonsiz, ayblovsiz ekstraditsiya qilindi” deb bayonot berdi. DoğruHaber esa HÜDA PAR partiyasining inson huquqlari boʻyicha bayonotini keltirib, Turkiya hukumatidan adolat va insonparvarlikni talab qildi.

Sogʻlik muammolari va ehtimoliy oqibatlar

Muhim jihat shundaki, jamoatchilik va siyosiy doiralarda ustoz Mubashshir Ahmadning sogʻligʻi jiddiy ekanligi, agar u qamoqqa olinsa yoki holati inobatga olinmasa, bu inson huquqlari boʻyicha xalqaro tanqidlarga sabab boʻlishi mumkinligi alohida taъkidlanmoqda.

Siyosiy tahlilchilarning taъkidlashicha, Turkiya–Oʻzbekiston munosabatlari soʻnggi yillarda iliqlashayotgan bir paytda bunday “hassos” masala ikki davlat oʻrtasidagi ishonchga putur etkazishi mumkin. Shu bois oʻzbek tomoni Alisher Tursunovni qamoqda saqlamaslik, uning sogʻligini kafolatlash va tergov jarayonlarini ochiq olib borish orqali xalqaro tanqidlarning oldini olishi mumkin.

Siyosiy va diniy doiralar, jumladan, Turkiya muxolifati Mubashshir domlaning holatiga jiddiy echim talab qilmoqda. Unga nisbatan shaffof va insofli munosabat boʻlmasa, bu voqea nafaqat ikki davlat munosabati, balki Turkiyadagi musulmon jamoalari va muxolifat kuchlarining ham keskin tanqidiga sabab boʻlishda davom etadi.

Mavzuga aloqador