DXX hamda IIO xodimlari Toshkent, Fargʻona va Namanganda fuqarolarni noqonuniy ravishda Haj va Umra safarlariga yubormoqchi boʻlgan shaxslarni qoʻlga oldi.

Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) hamda ichki ishlar organlari tomonidan Haj va Umra ziyoratlarini noqonuniy tashkil etishga urinayotgan sayyohlik kompaniyalari va shaxslarga qarshi bir qator tezkor tadbirlar oʻtkazildi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar qildi.

Xususan, DXXning Toshkent shahri boʻyicha boshqarmasi va IIO hamkorligidagi tadbirda turistik firma xodimlari 3 nafar fuqaroni ish vizasi orqali Hajga yuborish evaziga har biridan 7 ming dollar, 1 nafar fuqaroni esa sayyohlik vizasi orqali yuborish uchun 5 ming dollar talab qilgan. Jami 26 ming dollardan 20 mingini oldindan olingan vaqtida toʻrt nafar shaxs ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Fargʻona viloyatidagi tadbir davomida Margʻilon shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma xodimi 2 nafar fuqaroni Umra safariga yuborish uchun 2400 dollar, 3 nafar fuqaroni Hajga yuborish uchun esa 15 ming dollar olgan vaqtda ushlangan.

Namangan shahrida 1999 yilda tugʻilgan shaxs ijtimoiy tarmoqlarda Haj safari boʻyicha soxta eъlonlar joylash orqali 3 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, har biridan 4900 dollardan, jami 14 700 dollar olgan paytda qoʻlga tushdi. Shuningdek, Chust tumanidagi turistik firma rahbari Umra safari uchun zarur litsenziyaga ega boʻlmasdan, 3 nafar fuqaroga safari uchun 1350 dollardan, jami 4050 dollar talab qilib, 4000 dollarni olgan vaqtida ushlangan.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda Toshkent shahrida yashovchi, 1998 yilda tugʻilgan shaxs 5 nafar fuqaroni Haj vizasi asosida Saudiya Arabistoniga yuborishni vaъda qilib, jami 27 ming dollar talab qilgan. Oldindan 13 500 dollarni olgan paytda u ham qoʻlga olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida ish qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX fuqarolarga Umra safariga borishdan oldin sayyohlik firmasining Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan berilgan maxsus litsenziyasi borligini tekshirishni tavsiya etdi.

Mavzuga aloqador