Rossiyada ishlayotgan Fayzullo Muxtorov “Azon Global“ ga murojaat bilan chiqib, Fargʻonada yaqinlari Falastin bayrogʻi uchun tazyiq qilinganini maъlum qildi.
“Agressor Isroil Falastin erini tortib oldi, Oʻzbekiston kuchishlatar xodimlari falastin bayrogʻini”, deb yozdi Fayzullo.

xxx

Insonlar oʻz tuygʻulari, qarashlari va pozitsiyalarini ramzlar orqali ham ifoda qiladi. Kimdir oʻzi muxlislik qilgan futbol jamoasining kiyimini olib kiysa, kimdir uyiga oʻzi qoʻllashni istagan davlat bayrogʻini iladi.  Bu koʻrinishlarga ayniqsa, xorijda guvoh boʻlasiz. Oʻzbekistonda esa oʻz davlati bayrogʻini xonadonlarga ilishga 2023 yilda ruxsat berilgan

Boshqa davlat bayroqlarining Oʻzbekistonda qoʻllanilishi turli aktsiyalarda kuzatiladi. 
Masalan, shu yil fevral oyida “Huawei” kompaniyasi ishchilarining Toshkentdagi yugurish aktsiyasida yoki aholi vakillarining 9 may kuni poytaxt koʻchalarda turli bayroqlarni koʻtarib yurishlarida koʻrish mumkin. 

Bu harakatlarni IIV qonuniy, deya sharhlagan. Ammo fargʻonalik Fayzullo Muxtorovning pochta orqali uyiga yuborgan falastin bayrogʻi IIB tomonidan olib qoʻyilgan.

Biz Fayzullo Muxtorov bilan bogʻlanib, voqea tafsilotini oʻrgandik.
“5 yoshli oʻgʻlimga harbiy kiyim sovgʻa qilishgan. Unga Xitoyning bayrogʻi tushirilgan ekan. Shu menga yoqmadi. Keyin Wildberries onlayn savdo tarmogʻi orqali Falastin bayrogʻi tushirilgan kichik bir shevronni oldim. Kiyimdagi Xitoy bayrogʻining oʻrniga yopishtirib qoʻyishlarini moʻljallagandim. Qarasam, saytda Falastinning katta bayrogʻi ham turibdi ekan. Menga qiziq boʻldi, uniyam buyurtma qildim”. 

Fayzullo Muxtorovning buyurtmasi Fargʻonaga etib borgach, kutilmagan voqea yuz berganini aytadi. 

“Ertalab soat 10 da ukam joʻnatmamni olish uchun Wildberries shaxobchasiga borgan. U erda buyurtmani bermasdan ushlab qolishgan. Ukam: “Aka, buyurtmangizni bermayapti. Havfli narsa ekan”, deb qoʻngʻiroq qildi.  Men “Oʻzbekiston 1992 yilda Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olgan. Bayroqning hech bir havfli joyi yoʻq”, dedim.

Wildberries ishchisi bizga buyurtmani olib keta olmasligimiz, ichki ishlar xodimlari kelishini kutishimizni aytdi. Unga buyurtmani bekor qilib, ortga qaytarib yuborishini aytdim. Ishchi rad qildi.

Oradan 10 daqiqa oʻtmasdan, Ichki ishlar boshqarmasining Terrorizmga qarshi kurash boʻlimidan (ism-nasabi esimda yoʻq, leytenant edi) kelishib, ukamni olib ketishgan”.

Fayzullo Muxtorov ukasi buyurtmani olgani borgan vaqtdagi ayrim jarayonlariga eъtibor qaratdi.

“Ukam “Men bayroqni hali qoʻlimga ushlamadim. Buyurtmani paketga soldi-da, buni berib boʻlmaydi, degan gaplar bilan vaqtni choʻzishga harakat qildi. 5 daqiqani ichida xodimlar etib keldi”, dedi. 

Shu 5 daqiqa ichida men ham gaplashdim. “Aka, nima qilayapsiz? Sizga oʻxshaganlarni deb Oʻzbekiston 70 yil mustamlaka boʻlgan. Bunaqa qilmang. Xitoy yoki Rossiyani bayrogʻi boʻlsa, hech nima demaysizlar. Oʻzimizning musulmon va mustaqil deb tan olgan davlat”, dedim.

Ishchi “buyurtmangizni tekshirishingiz mumkin, lekin qaytarib joʻnata olmaymiz”, dedi”.

Fayzulloga koʻra, Wildberries shaxobchasiga kelgan Ichki ishlar xodimlari ukasini mahkamaga olib ketishgan.     
                                   
“Ukam 5 kishi kirib savol berilishni boshladi, dedi. Undan nima ish qilasan, guruhlarga aloqadormisan, namoyish qilmoqchimisizlar, deya soʻroq qilishgan. Telefonlarini rosa titishgan. “Telegram”iga kirib, nimalarni yuklaganini tekshirgan. Ozroq bosim qilishgan.  

Dadam Ichki ishlar sobiq xodimi, hozirda nafaqada. Borib surishtirganlar. Keyin qoʻyib yuborishgan. Hali tugamadi, yana chaqiramiz, deyishibdi. Bayroqlarni berishmagan, shevronni ham olib qolishgan”.

Fayzullo Muxtorov bu vaziyatni shunday qoldirmoqchi emas. “Wildberriesning ofisiga ham qoʻngʻiroq qildim, aloqaga chiqishdi. 

“Nega ishchilaring narsaning ichida nima borligini koʻrayapti? Odam buyurtmani qabul qildim deganidan keyin yopishi kerak. Hali egasiga topshirmay turib buyurtma topshirildi, deb hisobimdan pul echilayapti”, dedim. 

Bank kartam ulangani uchun telefonimga “mahsulotni baholang, pul echildi” degan xabarlar keldi. Ukamdan olganligini soʻrasam, “yoʻq, hali olmadim”, dedi. Wildberriesni sudga bermoqchiman”, deydi Fayzullo.

Fayzullo sotib olgan bayroq va shevron qaytarib beriladimi-yoʻqmi, hozircha nomaъlum.

Shu oʻrinda eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Gʻazo sektoridagi vaziyat boʻyicha oʻz pozitsiyasini bildirgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Oʻzbekiston Falastin xalqi bilan birdamligi va uning qabul qilingan rezolyutsiyalarga muvofiq oʻz mustaqil davlatini barpo etishga boʻlgan huquqini qoʻllab-quvvatlashini taъkidlagan

Oʻtgan yilning dekabrida esa prezident Mirziyoev tashabbusi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekistonning Qohiradagi elchixonasi kelishilgan holda 100 nafar falastinlik jabrlangan bolalar va ayollar, hamda ularning hamrohlarini Oʻzbekistonga evakuatsiya qilish ishlarini amalga oshirgan

Oʻzbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoeva Oʻzbekistonda davolanayotgan falastinlik bolalar bilan uchrashib, Prezident salomi va sovgʻa salomlar etkazganini maъlum qildi.

“Jafokash Falastin xalqiga tinchlik va farovonlik tilaymiz», deb yozdi Saida Mirziyoeva Telegramdagi rasmiy kanalida.

Prezident Shavkat Mirziyoev Gʻazo mojarolariga yana diqqat qaratib, Gʻarb davlatlarining Falastin fojiasiga munosabati qattiq xavotirga solayotganini taъkidlagan.

 «Amalda ikkiyoqlama standartlar kuzatilmoqda. Demokratiya va inson huquqlarini keng targʻib qilgan davlatlar bu qotilliklarga koʻz yummoqda», — degan edi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Gʻazo sektori aholisiga yordam koʻrsatish uchun 1,5 mln AQSh dollari miqdorida mablagʻ ajratgan.

Oʻzbekistonning Falastinga birdamligi pozitsiyasiga tayanib, farzandiga hadya yuborgan muhojir yigit bugun ikkilanib qolgan: Oʻzbekiston oʻzi kimning tarafida?!

Mavzuga aloqador