Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻan Adolat va taraqqiyot partiyasi shtab-kvartirasida oʻtkazilgan elchilar uchun iftorda ishtirok etdi, deb xabar beradi «Anadolu».

Oʻz nutqida turk etakchisi xalqaro jamoatchilik eъtiborini dunyo aholisining chorak qismini tashkil etuvchi musulmonlarning manfaatlarini xalqaro kun tartibida hisobga olish zarurligiga qaratdi.

«Global qaror qabul qilish mexanizmlari dunyodagi oʻzgarishlarga moslashishi lozim boʻlgan davr keldi. Dunyo aholisining chorak qismini tashkil etuvchi musulmonlar oʻzlariga loyiq tarzda qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etishi kerak», — dedi u.

Erdogʻan jamiyatda «qutblashuvning kuchayishi va ilgari chetda qolishi kerak boʻlgan irqchi va oʻta oʻng partiyalarning mashhurlikka erishishi»dan xavotir bildirdi. Prezident «hokimiyat egalari zaiflar ustidan hukmronlik qilishining jiddiy muammolarni keltirib chiqarishini» taъkidladi.

U, shuningdek, zaiflar, jabrlanganlar, ezilganlar va haq-huquqdan mahrum boʻlganlar oʻz haq-huquqlarini himoya qilishi mumkin boʻlgan eshiklar birin-ketin yopilayotganini qayd etdi.

«Hozirda adolatsiz va shafqatsiz xalqaro voqelik shakllanmoqda. Bu vaziyatda ortda qolganlar mutlaqo yutqazuvchi boʻlib qolmoqda. Ksenofobiya, terrorizmning oʻsishi, fashistik partiyalarning kuchayishi va deyarli har bir inqirozning tezda mojaroga aylanishi bu yangi voqelikdan ajralgan holda koʻrib chiqilishi mumkin emas», — dedi Erdogʻan.

Muammolarni hal etish yoʻllaridan biri sifatida u BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilish va musulmon mamlakatlarni unga veto huquqiga ega doimiy aъzo sifatida qoʻshishni taklif qildi.

«Biz “Dunyo beshtadan katta” shiori ostida olib borayotgan kurashimiz bu global tizim muammolarni hal qilish emas, balki ularni keltirib chiqarayotgan ekan, uning oʻrniga keng qamrovli tuzilma yaratishga qaratilgan. Bugun men buni yana bir bor aniq va ravshan tarzda ifoda etmoqchiman. Global qaror qabul qilish mexanizmlari dunyodagi oʻzgarishlarga moslashishi kerak. Dunyo aholisining chorak qismini tashkil etuvchi musulmonlar oʻzlariga loyiq tarzda qarorlar qabul qilish jarayonida qatnashishi lozim», — dedi Erdogʻan.

«BMT Xavfsizlik Kengashida veto huquqiga ega boʻlgan islom davlati boʻlishi hozir ehtiyojdan koʻra koʻproq zaruratdir», — deya taъkidladi prezident.

«Biz barcha bu faktlarni ochiq bayon etishimiz baъzi doʻstlarimizga yoqmasligini tushunamiz. Lekin biz bu masalaga boshqacha qarashdamiz. Biz hech qachon haqiqatni aytmay qolmaymiz, chunki bu ogʻir vaziyatdan chiqishning yagona yoʻlidir», — deya qoʻshimcha qildi Erdogʻan.

Mavzuga aloqador