Bugun davlat mulozimlari nima qilsa ham qonunlarga "toʻgʻri" kelaveradigan holat boʻlib qoldi. Yaqindagina "dunyoviylik" kontseptsiyasi qabul qilindi. Unda davlatning ichki va tashqi siyosati, aniqrogʻi xalqqa koʻrsatadigan xizmati dindan ajratilgani, birorta dinga ustunlik bermasligi bayon qilingan edi.

Unda davlat diniy tashkilotlarga aralashmasligi, diniy erkinliklar kafolatlangan boʻlishi kerak edi. Prezidentning din ishlari boʻyicha maslahatchisi Ruslan Davletov ushbu lavozimga kelganidan keyin qabul qilingan kontseptsiya mutaxassislar tomonidan dindorlarning huquqlariga tajovuz qilish ehtimoli bor hujjat deb baholandi.

Risoladagidek dunyoviy davlatchilikda davlat xizmatlarigina dunyoviy boʻlishi koʻzda tutilgan. Biroq ushbu kontseptsiyada xalqning maishiy tanlovlari va diniy ibodatlariga ham taъsir qilish mumkin boʻlgan moddalar kiritilgan.

Oʻlkamizda Ramazon oyining boshlanishi bilan ushbu kontseptsiya oʻzining qanchalar "qonuniy" kuchga ega ekanligini namoyish eta boshladi. Qonun bilan qabul qilingan kontseptsiyada davlat diniy tashkilotlar faoliyatiga aralashmasligi va fuqarolarning eъtiqodi va ibodatlariga teginmasligi belgilangan boʻlsa-da, Ramazonning ilk kunlaridan Musulmonlar idorasiga "kattalar"ning bolalarni masjiddan uzoqlashtirish boʻyicha aralashayotgani maъlum boʻldi.

Oʻlkamiz musulmonlarining rasmiy diniy tashkiloti vakillari qonunga amal qilgani uchun ushbu noqonuniy aralashuvni inkor etmadi. Zero, shariatda hukumatning sharъiy amrlari bajarilganidek, risoladagidek dunyoviylikda ham faqatgina qonuniy talablar bajarilishi kerak emasmi?!

Shuning uchun ham hukumat mamlakat boʻylab tartibni saqlovchi organlarni "ogʻzaki buyruq" bilan dunyoviylik talablarini buzishga, yaъni davlatning diniy tashkilotlar faoliyatiga aralashuvi va fuqarolarni ibodat qilish huquqidan toʻsishga kirishdi. Shu joyda "sizlarning hamma ishingiz ham shariatga toʻgʻri kelaveradi" desak toʻgʻri boʻladi.

Bunday holatlarda fuqarolarning davlatga uning dunyoviy ekanligini eslatishi, diniy ishlarga aralashishi noqonuniy ekanligini roʻkach qilishi qonun talablarini talab qilish hisoblanadi. Shariatda amri maъruf, nahiy munkar kabi goʻzal amal boʻlganidek, dunyoviylikda ham davlatni yaxshilikka chaqirish va yomonlikdan qaytarish, yoki qonunga itoat qilishga chaqirish va noqonuniy xatti-harakatdan qaytarish kabi uning muqobili boʻlishi kerak. Yoki dunyoviylik davlatga xohlagancha noqonuniy xatti-harakat qilishga qoʻyib berishni anglatadimi?

Shunday ekan, oʻzbek xalqi davlatning diniy eъtiqod erkinligiga boʻlgan har qanday noqonuniy aralashuvini davlatga eslatib turishi, qonuniy yoʻllar bilan oʻzining huquqlarini himoya qilishi kerak. Agar davlat fuqarolarga ibodat qilish ehtiyojlarini taъminlay olmasa, fuqarolar bu ehtiyojlarini panada amalga oshira boshlaydilar. Bu esa yanada koʻproq muammolarni keltirib chiqaradi. Chunki har qanday dindor jannatga kirishni xohlaydi.

Biroq, Ruslan Davletov avvalroq davlatchilikning mohiyati odamlarga doʻzaxga kirish imkoniyatlarini ochib berishda ekanligini taъkidlagandi. Bu bilan davlat odamlarning jannatga kirishiga toʻsqinlik qiladimi yoki doʻzaxga kirish singari, jannatga kirishiga ham qoʻyib berishi kerakmi, aniqlik kiritmagan edi.

Agar davlat odamlarning diniy amallarni bajarishga yoʻl qoʻymaydigan boʻlsa, u dinsiz, ateistik jabbor davlatga aylanadi. Bunday davlat va uning boshqaruvchilari oqibatda, albatta, tanazzulga yuzlanib, ikki dunyoda xor boʻladi.

Oʻzbek xalqining dindorlari esa diniga erkin amal qilishni, davlatning dindorlarni rasmiy diniy tashkilotlarga qatnashiga noqonuniy toʻsiq qoʻymasligini, oʻzaro ishonch va hurmat asosida mavjud boʻlishini xohlaydi.

Biroq, vaziyat shunday ekan, yaъni ayrim amaldorlar dindor fuqarolarni jannatga kirishdan toʻsishni, qolganlarga esa doʻzaxga kirishga qoʻyib berishni maqsad qilgan ekan, bunday vaziyatda ikki ishni qilish kerak boʻladi:

  1. Huquqlarni qonuniy yoʻl bilan talab qilish;
  2. Sabr qilish. Sabr esa davlatdagi baъzi amaldorlar istamayotgan amallarni koʻpaytirish bilan boʻladi.

Hozirgi holatda yanada koʻproq bolalarni boʻsh vaqtlarida masjidlarga olib chiqish, ularga dinni yanada chuqurroq oʻrgatish, ushbu yoʻldagi sinov va jabrlarga yanada mustahkam turish.

© Tarix va siyosat

Mavzuga aloqador