Komil Allamjonovga suiqasd ishi doirasida 10 nafar shaxsga sud hukmi oʻqildi. 2024 yil 26 oktyabr kuni Qibrayda Allamjonov oʻtirgan avtomobilga oʻq uzilgan, lekin u jabrlanmagan. Ortidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Javlon Yunusov va boshqa gumonlanuvchilar qoʻlga olingandi.

Oliy sud xabariga koʻra, asosiy ayblanuvchilar Shuhrat Rasulov, Shohrux Ahmedov va Ismoil Jahongirovlar 23 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Javlon Yunusov – 18 yil 6 oy, Doniyor Toshxoʻjaev esa 7 yilga qamaldi. Yana besh nafar shaxsga turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Dekabrda Bislan Rasaev va Shamil Temirxanov (Rossiya fuqarolari) Interpol orqali xalqaro qidiruvga berildi. Ularga Oʻzbekistonga noqonuniy kirish, jinoyatni yashirish va qurol muomalasi qoidasini buzish ayblari qoʻyildi.

Matbuotdagi xabarlarga koʻra, ular Allamjonov va Dmitriy Lini oʻldirish uchun 1,5 mln dollar mukofot olgan. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov bu ishda chechenlar ishtiroki borligini rad etgan, ammo Allamjonov va Liga tahdid qilgan. Bu esa Oʻzbekiston siyosatchilari tomonidan keskin tanqid qilingan.

Mavzuga aloqador