Toʻqqizinchi fasl

«Karoma» gʻalabasidan soʻng Iordan qiroli Husayn chiqib: «Barchamiz fidoyilarmiz!» degandi. Minglab muhojir falastinliklar Gʻarb davlatlaridagi «Fath» idorasiga otilib borishdi. Ular ulkan gʻalabadan faxr hissini tuyib, ushbu harakatga qoʻshilish maqsadida borishardi. Shunday qilib, Falastin gʻalayoni Iordaniya va bir qancha arab davlatlarida ildiz ota boshladi. Ushbu harakat etakchilari turli mamlakatlarda iftixor bilan kutib olinardi. Xususan, Yosir Arofat Qohirada Arab qahramoni deya tanilgan Jamol Abdunnosir huzurida oʻziga xos ravishda kutib olindi.

Oʻsha vaqtlarda koʻplab oilalar Gʻarbiy Sohil bilan Suriya, Iordaniya yo Livandagi chodirlarga boʻlinib, tarqab ketgandi. Ular orasida nafaqat 1948 yili hijrat qilgan oilalar, balki 1967 yildagi dahshatli urushda qirgʻinbarotga uchramaslik uchun qochishga majbur boʻlgan oilalar ham bor edi. Xalillik tijoratchilardan Abu Ahmadning oilasi ham ana shundaylardan biri edi. U oʻsha Abdulfattoh (pochcha) koʻp suhbatlashib qoladigan insonlardan biri. Ularni koʻproq tijorat borasidagi masalalar bogʻlab turardi.

Abu Ahmadning toʻrt oʻgʻli boʻlib, ulardan biri oʻzi bilan Xalilda qolgan boʻlsa, qolgan uchtasi 1967 yilgi urushda bosqinchilardan qochib, Iordaniyaga hijrat qilishgan va oʻsha erda qoʻnim topishgandi. Ulardan ikkisi Iordaniyadagi gʻalayonda ishtirok etgan, biri yuk mashinasi haydovchisi edi. Urushda qatnashgan ikkisi Xalilga qayta olishmasdi. Chunki bosqinchilar tomonidan hibsga olinish ehtimoli katta edi. Uchinchisi esa goh-gohida Xalilga kelar, ahli-oilasini ziyorat qilib turardi. Baʻʻzan otasining doʻkoniga kelganida Abdulfattoh ogʻa bilan ham suhbatlashib, Iordaniyadagi falastinliklar ahvoli haqida soʻzlab berardi. Iordaniyadagi falastinliklar oʻzaro iftixor tuyishga chorlashardi. Ammo Ahmadning bu boradagi qarashi boshqacha edi. U kelajakda roʻy berishi mumkin boʻlgan ishlardan xavfsirardi. Shubhasiz, falastinlik kuchlarning Iordaniya hududida oʻsib borishi Iordan qirolini tashvishga solib qoʻygan. Bundan ham battari, baʻʻzi fidoyilar u erda insonlarning his-tuygʻularini hisobga olmay ish tutib qoʻyishgan. Gohida odamlarning hissiyotlariga qarshi mubolagʻaviy ravishda xatolarga yoʻl qoʻyishgan. Ish falastinlik qurolli kuchlar bilan qirol oʻrtasidagi munosabatni yakson qilishgacha olib borishi mumkin. Ahmad bu xavotirlarini bir necha bor oʻrtoqlashdi. Ammo oʻtirganlar bu masalada xotirjam edi. Aksincha, ish bu darajaga borishi mumkin emasligini taʻʻkidlashardi.

Davomi bor...

Mavzuga aloqador