TRT nashri Yaponiyada musulmonlar soni ortib borayotganini maъlum qildi. Vaseda universiteti faxriy professori Xirofumi Tanadaning tadqiqotiga koʻra, 2023 yil oxiriga kelib, mamlakatda 350 000 ga yaqin musulmon yapon fuqarolari istiqomat qilgan. 


Uning aytishicha, bu koʻrsatkich 2005 yilga nisbatan uch baravardan koʻproqni tashkil etgan. Oʻshanda musulmonlar soni atigi 100 000 nafar edi.


Nikkei nashriga koʻra, Yaponiya ishchi kuchi etishmovchiligi sababli immigratsiya siyosatini yumshatmoqda. Biroq, indoneziyalik musulmonlar ibodat uchun masjid va halol ovqat topishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini aytishgan. 


“Soʻrovlar shuni koʻrsatadiki, yaponlarning aksariyati islom dini haqida deyarli tasavvurga ega emas”, deydi Soai universiteti mutaxassisi Xizuru Miki. 


Indoneziya diasporasi Yaponiyada ayniqsa tez surъatlar bilan ortmoqda. 2024 yil oxiriga kelib, mamlakatda 200 000 ga yaqin indoneziyalik istiqomat qilgan. Bu 2023 yilga nisbatan 34 foizga koʻp va ikki yil avvalgiga qaraganda deyarli ikki barobar koʻrsatkichdir. 


Masalan, 2024 yil Ramazon bayrami munosabati bilan Tokiodagi Indoneziya maktabi va hududdagi masjidda 6 500 ga yaqin musulmon yigʻilgan. 


Musulmonlar sonining ortishi mamlakatda masjidlar uchun joy topish muammosini yuzaga keltirmoqda. Avvallari har yili Ramazonda mamlakatdagi maktab yoki masjidda ibodatlar oʻtkazilgan boʻlsa, bu safar mavjud bino etarli emasligi ayon boʻldi. 


“Yaponiyada xorijlik ishchilarga ehtiyoj sezilarli darajada oshayotgan boʻlsa-da, mamlakat hali musulmonlarning diniy va madaniy ehtiyojlariga toʻliq moslasha olgani yoʻq”, deydi hukumat vakillaridan biri.

Mavzuga aloqador