2024 yilda yahudiy kelgindilarning falastinliklarga nisbatan zoʻravonliklari rekord darajaga etdi, deb yozmoqda The Middle East Eye nashri.

BMTning Insonparvarlik saʻʻy-harakatlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi bosib olingan Gʻarbiy Sohil va Sharqiy Quddusdagi noqonuniy yahudiy aholi punktlari aholisi tomonidan arablarga qarshi 1400 ta hujum hodisasini qayd etdi. Bu raqam odamlarga hujumlar, oʻt qoʻyishga urinishlar, bogʻlar va koʻchatlarni vayron qilish, shuningdek, arab mahallalaridagi pogromlarni oʻz ichiga oladi. Bu har kuni falastinliklarga qarshi oʻrtacha 4 ta hujum sodir boʻlayotgani, ularda falastinliklar jismoniy jarohat olayotgani, halok boʻlayotgani va mol-mulklaridan mahrum boʻlayotganini anglatadi.

BMT maʻʻlumotlariga koʻra, oʻtgan yil davomida Gʻarbiy Sohilda Isroil xavfsizlik kuchlari 800 kishini oʻldirgan, 6500 kishi yaralangan, 4700 kishi qochqinga aylangan.

Kelgindilarning zoʻravonligi uzoq tarixga ega, biroq Gʻazo sektorida urush boshlanganidan beri keskin oshdi. Koʻchmanchilarning oʻzboshimchaliklariga Isroil hukumati tomonidan falastinliklarning oʻz shahar va qishloqlariga kirishlariga taqiqlar ham qoʻshildi. 

Gʻarbiy Sohil va Sharqiy Quddusda 1967 yildan beri qurilgan 300 ta noqonuniy yahudiy aholi punktlarida hozirda 700 ming aholi istiqomat qiladi.

Mavzuga aloqador