Rossiyada kuniga 3–4 ta islomiy yodgorlik yoʻq qilinyapti — mutaxassislar xavotirda
Rossiya hududida har kuni 3–4 ta madaniy meros obъekti, jumladan islom tsivilizatsiyasiga tegishli arxitektura yodgorliklari yoʻq qilinmoqda. Bu masala KazanForum doirasida tashkil etilgan «Rossiya — Islom dunyosi» anjumanida koʻtarildi.
«DOM.RF» kompaniyasining mintaqaviy hamkorlik boʻyicha rahbari Aleksandra Soboleva maъlum qilishicha, madaniy meroslar yoʻqolish xavfi ostida qolgan.
Rossiyadagi tarixiy arxitektura yodgorliklari davlat muhofazasidagi obъektlar sifatida roʻyxatga olingan boʻlsa-da, ularning koʻpchiligi qarovsiz holatda qolgan. Ular orasida islom tarixiga daxldor masjidlar, maqbaralar, madrasalar va boshqa binolar bor, – deydi Aleksandra Soboleva
Mutaxassislarga koʻra, har kuni yoʻqolib borayotgan 3–4 obъektning katta qismi aynan shu merosga toʻgʻri keladi. Rossiyadagi madaniy meros obъektlari soni katta, ammo ularni saqlashga moʻljallangan moliyaviy, huquqiy va texnik resurslar etarli emas. Bu esa obъektlarning tarqalishi, buzilishi yoki qayta qurilish bahonasida yoʻq qilinishiga olib kelmoqda.
Forum doirasida Oʻzbekistondan tashrif buyurgan Markaziy Osiyo xalqaro tadqiqot instituti direktori Evren Rutbil islomiy madaniyatga tegishli obъektlarning koʻp qismi VIII asrga borib taqalishini bildirdi.
— Bu minglab qadimiy shaharlar, masjidlar, maqbaralar, hamda ulkan nomoddiy meros hisoblanadi. Ular faqat mahalliy yoki davlat darajasida emas, xalqaro hamkorlik orqali asrab qolinishi lozim, — dedi Rutbil.
Har kuni 3–4 ta yodgorlikning yoʻqolishi — bu faqat arxitekturaning emas, balki butun tarixning, madaniyatning, xotiraning yoʻqolishi demakdir, deyildi xalqaro forumda.













