Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida joylashgan qariyb 150 yillik tarixiy sobor masjidi mahalliy musulmonlar jamoasiga qaytarildi. Rosimushchestvo tashkiloti tomonidan amalga oshirilgan bu qaror haqida Chelyabinsk va Qoʻrgʻon viloyatlari matbuot xizmati xabar berdi.

Masjid Chelyabinsk viloyatining Troitsk shahrida joylashgan boʻlib, bu erda 70 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. 1878 yilda qurilgan bu muqaddas bino Rossiyaning madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan. Masjid keng qamrovli rekonstruktsiya ishlaridan soʻng ibodatxonalik maqomiga qayta ega boʻladi.

Federal mulkni boshqarish agentligining maʻʻlum qilishicha, 398,4 kvadrat metr maydonga ega ushbu masjid Chelyabinsk viloyati musulmonlari diniy boshqarmasiga topshirilgan. Shuningdek, binoga tutash boʻlgan 948 kvadrat metr er uchastkasidan ham foydalanish huquqi berilgan.

Bu qadam Rossiyadagi diniy merosni himoya qilish va diniy ozodlikni qoʻllab-quvvatlash borasidagi yana bir muhim qaror sifatida baholanmoqda.

Mavzuga aloqador