Pokistonning janubiy gʻarbida joylashgan Balujiston viloyatida taxminan 500 nafar yoʻlovchini tashigan poezdga qurolli hujum uyushtirildi.

Balujiston hukumati matbuot kotibi Shohid Rindning maъlum qilishicha, Kvettadan Xayber-Paxtunxva viloyatining Peshovar shahriga yoʻl olgan poezd jangarilar tomonidan hujumga uchragan. Hududga xavfsizlik kuchlari yuborilgan boʻlib, vaziyat nazorat ostiga olingan.

Temir yoʻl nazoratchisi Muhammad Kashifning tasdiqlashicha, jangarilar poezdni Kvettadagi 8-tunnelda toʻxtatgan. Hozirda taxminan 500 nafar yoʻlovchi va poezd xodimlari bilan bogʻlanish uchun choralar koʻrilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Vasim Baigning maъlumotiga koʻra, Sibi shahridagi shifoxonada favqulodda holat eъlon qilingan va voqea joyiga tez yordam mashinalari yuborilgan.

Balujiston Ozodlik Armiyasi (BLA) hujum uchun masъuliyatni oʻz zimmasiga olgan.

Mahalliy OAVning xabar berishicha, kamida 100 nafar yoʻlovchi garovga olingan.

Voqea sodir boʻlgan hudud togʻli boʻlib, bu gumondorlarga pana topish va hujumni rejalashtirishda qulaylik yaratgan. Hujum natijasida halok boʻlganlar va yaralanganlar boʻlishi mumkin.

Pokiston rasmiylari hujumni BLA amalga oshirganini tasdiqladi

Xavfsizlik xizmatlarining uch nafar vakili Associated Press (AP) agentligiga nomlarini oshkor etmaslik sharti bilan maъlum qilishicha, BLA jangarilari poezdga tunnelda zasada qoʻyib, ayollar va bolalarni "tirik qalqon" sifatida ishlatgan.

Pokiston ichki ishlar vaziri Mohsen Naki hujumni qoralab, "Begunoh yoʻlovchilarga oʻq uzgan maxluqlar hech qanday imtiyozlarga loyiq emas", dedi.

Pokiston armiyasi manbalari: hujumchilar oʻrab olingan

Pokiston armiyasi manbalari jurnalistlarga bergan maъlumotida buni "terrorchilik hujumi" deb atadi. Ularning aytishicha, xavfsizlik kuchlari hujumchilarni oʻrab olgan, terrorchilar bilan toʻqnashuvlar davom etmoqda.

Manbalarning taъkidlashicha, operatsiya juda ehtiyotkorlik bilan olib borilmoqda, chunki hujumchilar ayollar va bolalarni tirik qalqon sifatida ishlatmoqda. Xavfsizlik kuchlari soʻnggi terrorchi yoʻq qilinmaguncha operatsiyani davom ettirishini maъlum qildi.

Jamoatchilikka ishonchli manbalar tomonidan berilgan maъlumotlarga tayanish, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan asossiz va soxta maъlumotlarga ishonmaslik tavsiya etildi.

Pokistonda terrorizm muammosi

Soʻnggi vaqtlarda Pokistonda, ayniqsa, Afgʻoniston bilan chegaradosh Xayber-Paxtunxva va Balujiston viloyatlarida qurolli hujumlar koʻpaydi.

Bu ikki viloyatda pushtun va baluj kabi etnik guruhlar huquqlarini himoya qilishini daъvo qiluvchi qurolli guruhlar Pokiston xavfsizlik kuchlari va fuqarolarga hujumlar uyushtirmoqda.

Islomobodning taъkidlashicha, Pokiston Tolibon harakati (TTP) Afgʻonistonda joylashgan va hujumlarini oʻsha erdan tashkil etmoqda. Afgʻoniston hukumati bu daъvolarni rad etmoqda.

Balujistonda esa Balujiston Ozodlik Armiyasi (BLA) hujumlari koʻp uchramoqda. BLA Balujiston viloyatining Pokistondan ajralib chiqishini va baluj xalqining ushbu hududda hukmron boʻlishini istaydi.

Mavzuga aloqador