Pokiston va Afgʻoniston urush yoqasida turibdi
Pokiston va Afgʻonistondagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. 24 dekabrʻ kuni Pokistonning Afgʻoniston sharqida amalga oshirgan havo hujumlari kamida 46 kishining hayotiga zomin boʻldi. Pokiston hukumati bu hujumlar “Tahrik-i Tolibon Pokiston” (TTP) jangarilari yashiringan terroristik boshpanalarga qaratilganini bildirdi. Biroq Afgʻoniston hukumati qurbonlar koʻpchiligini ayollar va bolalar tashkil etganini maʻʻlum qildi.
Bu hodisaga javoban Afgʻonistondagi toliblar chegaraga harbiy texnika va 15 ming askarni joylashtirdi. Britaniya ommaviy axborot vositalari xabariga koʻra, toliblar allaqachon Pokistonning bir nechta chegara pozitsiyalariga hujum qilib, ularni yoʻq qilgan. Chegaradagi zoʻravonliklar hozirgacha davom etmoqda.
Tolibon vakillaridan biri Britaniyaning The Telegraph gazetasiga bergan intervʻyusida vaziyat yanada keskinlashsa, har qanday natijaga tayyorligini aytgan.
"Ularda yadro quroli boʻlsa ham bizga farqi yoʻq. Alloh biz bilan ekanini bilamiz va ishonamiz," degan u.
Pokiston hukumati esa Afgʻoniston toliblarini mamlakatdagi terroristik hujumlarda ayblamoqda. Pokistonda faoliyat yurituvchi va zoʻravonliklarda ayblangan TTP jangari guruhining Afgʻonistonda boshpana topgani haqida maʻʻlumotlar bor. Birgina 2024 yilda TTP Pokiston xavfsizlik kuchlariga 444 marta hujum uyushtirgani va 685 kishini halok qilgani aytilmoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashi hisobotiga koʻra, hozirda Afgʻoniston hududida 6500 ga yaqin TTP jangarisi yashiringan. Tolibon esa bu guruhni terrorchilar sifatida tan olmaydi va hokimiyatini qoʻlga kiritgach, ularni qamoqdan ozod qilgan.













