Oʻzbekistonlik shaxmatchi hindistonlik ayol raqibi bilan qoʻl berib koʻrishmaganini izohladi
Oʻzbekistonlik grossmeyster Nodirbek Yoqubboev Tata Steel Chess turnirida hindistonlik shaxmatchi Rameshbabu Vaishali bilan qoʻl berib koʻrishmaslik qarori ortidan ijtimoiy tarmoqlarda muhokama markazida qoldi. U bu qarorini «diniy sabablar» bilan izohladi.
Toʻrtinchi raunddagi oʻyin oldidan Vaishali qoʻlini choʻzdi, biroq Yoqubboev unga javob qaytarmasdan stulga oʻtirdi. Bu holat hindistonlik shaxmatchini hayratda qoldirdi va ijtimoiy tarmoqlarda turli fikr-mulohazalarni keltirib chiqardi.
Yoqubboev keyinroq uzr soʻrab, oʻz xatti-harakatini tushuntirdi.
"Men Vaishali va uning ukasini hurmat qilaman. Biroq diniy sabablarga koʻra boshqa ayollarga teginmayman. Agar bu holat uni xafa qilgan boʻlsa, kechirim soʻrayman", dedi u.
Yoqubboev oʻzining X sahifasida yozgan bayonotida avvalgi turnirlarda shunday holatlarga yoʻl qoʻyganini tan olib, bunday qarorlarni endi notoʻgʻri deb hisoblashini aytdi. Uning fikricha, har kim oʻz qarorini oʻzi qabul qiladi va boshqalarga majburiyat yuklamasligi kerak.
Yoqubboev hakamlar talabiga binoan raqiblariga «namaste» ishorasini qilishga rozi boʻlganini aytdi, biroq baʻʻzi oʻyinlarda buni oldindan tushuntirishga ulgurmaganini taʻʻkidladi.
Veyk-an-Zeeda oʻtkazilayotgan Tata Steel Chess 2025 — dunyodagi eng qadimgi va nufuzli shaxmat turnirlaridan biri boʻlib, bu yil 87-bora tashkil etilmoqda. Yoqubboev Challengers boʻlimida ishtirok etmoqda va hozirgi kunda 4 ochko bilan 10-oʻrinda bormoqda.













