Oq uy vakilining CNBC telekanaliga bergan maъlumotiga koʻra, AQSh tomonidan Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga joriy qilingan boj stavkalari hozirda 145 foizni tashkil etmoqda.


Maъlumotda aytilishicha, Prezident Donald Tramp Xitoy mahsulotlariga nisbatan bojlarni 84 foizdan 125 foizgacha oshirgan. Biroq, bunga qadar ham prezident fentanil muammosi sababli Xitoy mahsulotlariga 20 foizlik qoʻshimcha boj joriy qilgan edi. Natijada Xitoydan olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan umumiy boj stavkasi 145 foizga etdi.


Eslatib oʻtamiz, Xitoy hukumati bungacha AQShdan import qilinadigan barcha tovarlarga bojlarni 84 foizgacha oshirgan edi. Xinhua agentligi bu chora AQShning Xitoy mahsulotlariga tariflarni 104 foizgacha oshirish qaroriga javoban qabul qilinganligini maъlum qildi.


Shuningdek, Xitoy Davlat Kengashi huzuridagi Bojxona tarif komissiyasi AQShning yana 12 kompaniyasiga eksport nazoratini joriy etib, olti kompaniyani “ishonchsiz subъektlar” roʻyxatiga qoʻshgan.


Manbaning xabar berishicha, Xitoy tashqi ishlar vazirligi AQShni bir tomonlama bojlarni bekor qilishga va kelishmovchiliklarni oʻzaro hurmat asosida hal etishga chaqirgan.

Mavzuga aloqador