Musulmonlar Britaniyada ochlikdan qiynalgan odamlarga yordam koʻrsatmoqda
Britaniyaning Peterboro shahrida joylashgan iCare musulmon xayriya tashkiloti oziq-ovqat narxlari oshib borayotgan bir paytda qashshoqlikdan jabr koʻrayotgan mahalliy aholiga yordam koʻrsatmoqda. AboutIslam.net nashrining xabar berishicha, tashkilotga yordam soʻrab murojaat qiluvchilar soni keskin ortib bormoqda.
Jamgʻarma Peterboro shahridagi Xadicha masjidida faoliyat yuritib, turli din va millat vakillariga xayriya yordami koʻrsatmoqda. iCare asoschisi Oqil Xalil maʻʻlum qilishicha, 2024 yil davomida tashkilot 2800 ta issiq ovqat, 1550 ta oziq-ovqat posilkalari va tez yordam toʻplamlari tarqatgan.
"Koʻplab yangi odamlarning yordam soʻrayotgani bizni xavotirga solmoqda. Afsuski, baʻʻzi oilalar endi oziq-ovqat sotib olish va uyni isitish oʻrtasida tanlov qilishga majbur. Bu haqiqat", deydi Xalil.
Tashkilot 2021 yilda ikkita faol tomonidan tashkil etilgan boʻlib, oʻshandan beri 60 000 kishiga yordam koʻrsatgan. Xayriya dasturlari orqali oziq-ovqat, kiyim-kechak, bolalar uchun zarur buyumlar va gigiena vositalari tarqatilgan, shuningdek, aholiga iqtisodiy vaziyatdan chiqish boʻyicha maslahatlar berilgan.
Xalilning aytishicha, iqtisodiy inqiroz kuchaygani sayin, xayriyaga boʻlgan ehtiyoj ham ortmoqda. Agar avval odamlar yordam soʻrashdan uyaladigan boʻlsa, hozir bu holat tobora kamayib bormoqda.
"Yashash narxi oshib borayotgani bilan birga, odamlarning yordam soʻrashga boʻlgan stigmasi ham yoʻqolmoqda. Bizga murojaat qilganlar orasida eydigan hech narsasi yoʻq oilalar, bolalar uchun kiyim-kechak va dori-darmonga muhtoj odamlar juda koʻp", - dedi u.
iCare xayriya jamgʻarmasi Peterboroda hamma muhtojlarga, millatidan va dinidan qatʻʻi nazar, yordam koʻrsatishda davom etmoqda.













