Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Isroilning Gʻazoga kechasi uyushtirgan hujumlari oqibatida tinch aholi orasida qurbonlar soni ortib borayotganini dahshatli deb atadi.


U oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi X sahifasida: “Isroilning kechasi uyushtirgan hujumlari natijasida tinch aholi orasida qurbonlarning ortib borishi shunchaki dahshatli”, deya post qoldirgan.


Lemmi tomonlarni mahbuslar almashinuvi boʻyicha muzokaralarni qayta boshlashga, Gʻazoga gumanitar yordam hajmini oshirishga va mojaroni butunlay toʻxtatishga chaqirdi.


“Isroilliklar va falastinliklar uchun xavfsizlikka eltuvchi yoʻl – bu diplomatiya, yangi qon toʻkilish emas,” deya taъkidladi u. 17 mart kuni parlamentdagi chiqishi chogʻida Lemmi Isroil 15 kundan beri Gʻazoga gumanitar yordam etkazilishiga toʻsqinlik qilayotganini maъlum qildi.


“Bu xalqaro huquqning buzilishi,” dedi vazir. Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi maъlumotlariga koʻra, Isroil hujumlari natijasida faqatgina tongda 404 kishi shahid boʻlgan.


Eslatib oʻtamiz, Isroil armiyasi ikki tomonlama kelishilgan sulhni buzgan holda Gʻazodagi aholi yashash hududlarini, qochqinlar uchun barpo etilgan chodirlar lagerlarini, koʻchirilgan falastinliklar panoh topgan maktablarni va turar-joy binolarini shiddatli bombardimon qildi.

Mavzuga aloqador