Isroilning Gʻazo maktabiga hujumida 43 kishi halok boʻldi

Avvalroq Gʻazo fuqarolik mudofaasi departamenti Xalil Uveyda maktabida Isroil hujumidan keyin kuygan jasadlar topilgani haqida xabar bergan edi.

Isroilning Gʻazo sektori shimolidagi Bayt Xanun shahrida, koʻchirilganlar boshpana olayotgan Xalil Uveyda maktabiga uyushtirgan hujumida 43 falastinlik halok boʻldi.

Falastin hukumati matbuot boʻlimi rahbari Ismoil as-Savabita matbuot anjumanida ichki koʻchirilganlar joylashgan maktabning oʻqqa tutilishi natijasida kamida 43 kishi halok boʻlganini aytdi.

Shuningdek, u Gʻazoga hujumlar boshlangan 7 oktyabrdan beri Isroil 213 dan ortiq boshpanalarni nishonga olganini taʻʻkidladi.

Al-Savabitaning qoʻshimcha qilishicha, Isroil kuchlari fuqarolik mudofaasining toʻrt nafar xodimini oʻldirib, halok boʻlgan qutqaruvchilarning umumiy sonini 94 nafarga etkazgan.

Uning soʻzlariga koʻra, soʻnggi ikki kun ichida Isroil Nusayrat va Burij qochqinlar lagerlariga yangi hujumlar uyushtirdi, natijada 42 falastinlik halok boʻldi.

Uning taʻʻkidlashicha, tibbiyot xodimlari tez-tez hujumga uchragan, xususan, Gʻazo shimolidagi Kamol Aduan kasalxonasida bir necha shifokor va tibbiyot xodimlari halok boʻlgan.

 Departament maʻʻlumotlariga koʻra, 1500 ga yaqin odam boshpana topgan maktab artilleriya va tartibsiz otishmalarga uchragan. Kamida 10 kishi tiriklayin yoqib yuborilgan.

7 oktyabrdan beri Isroilning Gʻazo sektoriga hujumlari natijasida 44 976 kishi, jumladan 17 492 bola va 11 979 ayol halok boʻldi. 106 759 kishi jarohatlangan.

Mavzuga aloqador