Isroil hukumati Gaza sektoridagi harbiy amaliyotlar chogʻida jarohat olib, tanasining bir qismi – qoʻl, oyoq yoki boshqa aъzolaridan ayrilgan askarlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga maxsus sovgʻa tayyorladi. Mamlakat Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan urushda ogʻir jarohat olgan bir guruh harbiyga Tailandda bir haftalik toʻliq qoplangan taъtil sovgʻa qilindi.

Tashabbus "qayta tiklanish va minnatdorlik ramzi" sifatida baholanmoqda. Tailanddagi sayohat davomida askarlar sogʻlomlashtirish protseduralari, psixoterapevtik sessiyalar, madaniy sayrlar va dam olish mashgʻulotlari bilan taъminlanadi.

Isroil rasmiylariga koʻra, bu kabi gʻamxoʻrliklar orqali jangda ishtirok etganlarning jismoniy va ruhiy sogʻligʻini qoʻllab-quvvatlash, ularni ijtimoiy hayotga qayta jalb qilish maqsad qilingan.

Harbiy ekspertlar va jamoat faollari bu tashabbusni ikki xil baholamoqda. Ayrimlar uni insonparvarlik qadami sifatida eъtirof etsa, boshqalar bunday imtiyozlar orqali jamiyatda urushni oddiy holatga aylantirishga xizmat qilayotganini tanqid qilmoqda.

Taъkidlash kerakki, Isroil–Gʻazo urushi davomida yuzlab harbiylar tan jarohati olgan, oʻnlab askarlar hayotdan koʻz yumgan. Tailand esa Isroil uchun ham turizm, ham tibbiy reabilitatsiya yoʻnalishida mashhur yoʻnalishlardan biri hisoblanadi.

Mavzuga aloqador