Isroil falastinlik mahbuslarni ozod qilishni toʻxtatdi
Isroil HAMAS asirligidan garovga olinganlarni qaytarish jarayoniga norozilik bildirib, falastinlik mahbuslarni ozod qilishni toʻxtatdi. Bu haqda The Times of Israel nashri Bosh vazir Binʻyamin Netanyaxu idorasi bayonotiga tayanib xabar qildi.
Maʻʻlumotlarga koʻra, jarayon toʻxtatilgan paytda falastinlik mahbuslar allaqachon avtobuslarga chiqarilgan va qamoqxona hududidan tashqariga olib ketilgan edi.
Isroil HAMASning soʻnggi asir almashinuvidan noroziligini bildirish maqsadida Qatar va Misr vositachilari bilan bogʻlangan. Bosh vazir Netanyaxu ozod qilingan fuqarolar – Arbel Ehud va Gadi Moshe Moses Qizil Xochga topshirilayotganda yuz bergan voqealarga shoshilinch munosabat bildirdi.
"Men bunday dahshatli manzaralar takrorlanmasligini va garovga olinganlarning xavfsizligi kafolatlanishini talab qilaman", – dedi Netanyaxu.
Bu qaror Isroilning falastinlik mahbuslar bilan bogʻliq siyosatida yangi burilishni anglatishi mumkin. Ozodlikka chiqarilishi kerak boʻlgan falastinliklar, shu jumladan siyosiy mahbuslar, qayta qamoqxonaga qaytarilgani haqida rasmiy izoh berilmagan.













