Hindistondagi ibodatxonada yuz bergan tiqilinchda 6 kishi halok boʻldi
Hindistonning Goa shtatida joylashgan Shirgaon ibodatxonasi yaqinida oʻtkazilgan diniy marosim chogʻida yuzaga kelgan tiqilinch oqibatida kamida olti kishi halok boʻldi, 50 dan ortiq ziyoratchi tan jarohati oldi. Bu haqda NDTV telekanali xabar berdi.
Voqeaga guvoh boʻlganlarga koʻra, olomon orasida vahima yuzaga kelgan va odamlar marosimni tark etishga shoshgan. Aytilishicha, tashkilotchilarning tartibni nazorat qilishda sustkashlikka yoʻl qoʻyganligi falokatga sabab boʻlgan.
Hodisa joyiga zudlik bilan favqulodda xizmatlar va politsiya etib borgan. Jabrlanganlar yaqin atrofdagi shifoxonalarga etkazilgan. Rasmiylar tomonidan esa tergov ishlari boshlangan.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 30 yanvarida Uttar-Pradesh shtatida boʻlib oʻtgan Kumbha Mela festivalida ham shunga oʻxshash tiqilinch natijasida 40 dan ortiq kishi halok boʻlgan, 60 kishi jarohatlangan edi.













