Hindistonda musulmon kishi hinduiylar guruhi tomonidan oʻldirib ketildi
Hindistonning shimolidagi Uttar-Pradesh shtatida 55 yoshli musulmon Muhammad Sharif radikal hinduiylar guruhi tomonidan oʻldirib ketildi. Ular Sharifni “Holi” hindu bayramini nishonlashda ishtirok etishdan bosh tortgani uchun ayovsiz kaltaklashgan.
Qotillik Ramazon oyi arafasida, Sharif bozorga xarid qilish uchun yoʻl olgan paytda sodir boʻlgan.
Marhumning kuyovi Muhammad Minajaning soʻzlariga koʻra, avvaliga bir guruh bolalar Sharifni boʻyoq bilan boʻyashga uringan, lekin u bunga rozi boʻlmagan. Koʻp oʻtmay kattalar aralashib, uni doʻpposlashni boshlagan.
Jabrlanuvchining oilasi toʻrtta hinduistga qarshi ariza topshirgan, biroq politsiya voqeani yurak xuruji sifatida koʻrsatishga harakat qilmoqda.













