HAMAS: “Netanyahu hukumati genotsid urushini davom ettirmoqda”
HAMAS harakati Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu va uning hukumati Gʻazo sektoriga qarshi harbiy harakatlarni qayta boshlaganini qattiq qoralab, buni “genotsid urushi”da atadi. Harakat bayonotida Netanyahu hukumati oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvni bekor qilgani va Gʻazo sektoridagi tinch aholiga nisbatan bosimni kuchaytirgani taъkidlangan.
“Netanyahu va uning natsist hukumati Gʻazo sektoridagi himoyasiz tinch aholiga qarshi tajovuz va genotsid urushini qayta boshladi,” deyiladi bayonotda.
HAMAS shuningdek, vositachilarni Isroil hukumatining kelishuvni buzish boʻyicha harakatlariga toʻliq javobgarlik yuklashga chaqirdi. Bundan tashqari, harakat xalqaro tashkilotlarni, xususan, Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkilotini Gʻazo sektoriga qarshi blokadani tugatish uchun chora koʻrishga daъvat etdi.
“Biz Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkilotini tarixiy masъuliyatini bajarishga, falastin xalqining sabot va jasorat bilan koʻrsatayotgan qarshiligini qoʻllab-quvvatlashga hamda Gʻazo sektoriga nisbatan oʻrnatilgan nohaq qamaldan xalos qilishga chaqiramiz”, degan HAMAS vakili.
Bundan tashqari, HAMAS Birlashgan Millatlar Tashkiloti va BMT Xavfsizlik Kengashini favqulodda yigʻilish oʻtkazib, Isroilni harbiy harakatlarni toʻxtatishga majburlovchi qaror qabul qilishga chaqirdi.
“Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti va BMT Xavfsizlik Kengashini zudlik bilan yigʻilish oʻtkazib, tajovuzni toʻxtatishga majburlovchi rezolyutsiya qabul qilishga va 2735 sonli rezolyutsiyaga rioya etilishi, yaъni tajovuzni toʻxtatish hamda Gʻazo sektorining butun hududidan bosqinchilik kuchlarining olib chiqilishiga erishishga chaqiramiz,” deyiladi bayonotda.













