Isroilning Gʻazoga qarshi genotsid urushi boshlanganidan bir oy oʻtgach, Saudiya Arabistoni Arab Davlatlari Ligasi (ADL) va Islom Hamkorlik Tashkiloti (IHT)ning favqulodda qoʻshma sammitini chaqirdi. Sammitda urushni toʻxtatish uchun Gʻazo boʻyicha aloqa guruhi tuzildi. Oradan qariyb bir yil oʻtdi. Afsuski Aloqa guruhi bu vaqt ichida oʻz hukumatlarining urushni toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarorini amalga oshirish boʻyicha biron-bir jiddiy chora koʻrmadi. Isroil Gʻazodagi bolalar, ayollar va keksalarni qirgʻin qilishda davom etar ekan, davlat rahbarlari rasmiy suratga tushish, qizgʻin uchrashuvlar va quruq gapdan nariga oʻtishmadi.